Konsul
Bir-biringizni ruhlantiring, yuksaltiring va kuchaytiring. Chunki bir kishiga taʼsir qilgan ijobiy quvvatni hammamiz his qilamiz.
ESFJ (Konsullar) shaxsiyat turiga ega odamlar uchun hayot boshqalar bilan baham koʻrilganda yanada shirinlashadi. Bu dilkash shaxslar koʻpincha har qanday jamoaning tayanchi boʻlib, doʻstlari, yaqinlari va qoʻshnilariga uylarini – va qalblarini – ochadi.
Bu, albatta, ularning hammaga birdek yoqishini yoki ularning avliyo ekanini anglatmaydi. Aslida, ular oʻz qadriyatlari va fikrlarini baham koʻruvchi odamlar bilan yaqin aloqalar oʻrnatishga moyilroq. Boshqalarning eʼtiqodlaridan qatʼi nazar, ESFJlar mehmondoʻstlik va xushmuomalalikka qatʼiy ishonadi va ular atrofdagilar oldida burchdorlik hissini his qiladi. Saxiy va ishonchli boʻlgan bu insonlar oilasi va jamoasini birlashtirish uchun katta-kichik ishlarni zimmasiga olishdan choʻchishmaydi.
Masʼuliyatli hayot goʻzalligi
ESFJ shaxsiyat turining odamlari xayrli ishlarni sevishadi. Ular boshqalarga xizmat qilish, ezgu ishlar qilish va toʻgʻri yoʻldan borish majburiyatini jiddiy qabul qilishadi. Ular deyarli har qanday vaziyatda aniq bir toʻgʻri yoʻl borligiga ishonadilar. Ayrim shaxsiyat turlari “sen oʻzingga, men oʻzimga” tamoyilini yoqlasa-da, ESFJlar kimdir notoʻgʻri yoʻldan ketayotganini koʻrganda, baho bermasdan tura olmaydilar. Natijada, kimdir – ayniqsa ular qadrlaydigan odam – ularning fikriga qoʻshilmaganda yoki ular tushunmaydigan yoʻlni tanlaganda, buni qabul qilishga qiynaladilar.
Bu shaxsiyat egalari aniq axloqiy mezonlarga ega va odatda anʼanalarni qadrlaydi. ESFJlar qilayotgan har bir ish boshqa odamlarning hayotiga taʼsir qilishini his qiladi. Ular allaqachon shakllangan qonunlar, ijtimoiy meʼyorlar va odob-axloq qoidalari odamlarga nisbatan eʼtiborli va masʼuliyatli boʻlib yashashga yordam beradi, deb ishonadi.
Barqaror rishtalar qurish
Dilkash va qoʻllab-quvvatlovchi ESFJlar har qanday kechada darhol seziladi – chunki aynan ular har kimning kayfiyati koʻtarinki boʻlishini taʼminlash uchun harakat qiladi! Biroq, ular shunchaki guvoh sifatida oʻtib ketishmaydi. Sodiqlikka juda eʼtiborli boʻlgan bu shaxsiyat egalari barqaror doʻstlik va munosabatlar oʻrnatadi. Ular yordam qoʻlini choʻzish yoki dardkash boʻlish zarur boʻlgan paytlarda hamisha hozir. Haqiqatan ham, kimdir ularga suyanishi – ESFJlarning bardavom energiyasi va xursandchilik manbai.
ESFJlar tartib va izchillikni xush koʻrganligi tufayli, rejalashtirilgan tadbirlarni nomaʼlum yoki shunchaki ekspromt yigʻilishlardan afzal biladi. Buni kafolatlash uchun ular maroq bilan mezbonlik qiladi, har bir narsa silliq oʻtishi va har kim eʼtibor va gʻamxoʻrlikdan bahramand boʻlishiga intiladi. Agar kimdir ESFJlarning bu saʼy-harakatlarini qadrlamasa, ular buni jiddiy qabul qilishi va xafa boʻlib qolishi mumkin.
Koʻplab ESFJ shaxslarining hayotidagi eng katta sinovlardan biri – hech kimning fikrini yoki xatti-harakatini boshqarib boʻlmasligini tan olishdir, hatto bu ular uchun eng yaqin va eng muhim inson boʻlsa ham. Yaxshiki, ESFJlar oʻzlarining eng kuchli tomonlariga eʼtibor qaratish orqali tinchlik va qoniqish topishi mumkin: gʻamxoʻrlik, eʼtibor va masʼuliyatda namuna boʻlish – va shu jarayonda odamlarni birlashtirish.