Bahschi
Zukko va dadil ENTP (Debatchi) shaxsiyat turiga ega odamlar ijtimoiy normalarga qarshi bahslashishdan cho’chimaydi. Darvoqe, ular deyarli hamma narsa va hamma bilan tortishishga tayyor. Ularni hech narsa og’zaki bahslar kabi zavqlantirmaydi – agar suhbat munozarali mavzuga o’tsa, yanada yaxshi!
Biroq, ENTPlarni yomon niyatli yoki o’jar deb o’ylash xato bo’lardi. Aksincha, bu shaxsiyat egalari bilimdon va qiziquvchan, hazil-mutoyibaga usta va nihoyatda qiziqarli bo’lishi mumkin. Ular shunchaki o’zgacha, qarama-qarshi fikrda ko’proq zavq topadi — bu odatda jonli munozaralar bilan bog’liq bo’ladi.
Qoidalarni buzish
“Mustaqil, xavf-xatarni keltiruvchi fikrlar izidan boring. O‘zingizning g‘oyalaringizni bahslar xavfiga duchor eting.”
ENTPlar biroz isyonkor tabiati bilan mashhur. Ular uchun hech qanday g’oya muqaddas emas, hech qanday e’tiqodni tanqid qilinmaydigan deb bo’lmaydi, va birorta qoida sinab ko’rilmaydigan darajada muhim emas. Bu xulq ba’zan ularga “o’ta erkin” yoki “qaysarlik” tamg’asini bosishi mumkin, lekin aslida ularning chegaralarni sinab ko’rish odati ko’proq innovatsiya va o’zgarishlarga bo’lgan intilish bilan bog’liq.
ENTPlar nazarida aksariyat odamlar aytilganlarni so’zsiz bajarishga va ijtimoiy me’yor, bosim va standartlarga ko’r-ko’rona ergashishga moyil. Debatchilar ustuvor fikrlash tarzini shubha ostiga olish mashqidan zavq oladi va e’tibordan chetda qolgan g’oyalar hamda odatiy bo’lmagan yechimlarning qadrini topishdan mamnun bo’ladi. Ularning faol ongi boshqalar oddiy deb qabul qiladigan narsalarni qayta ko’rib chiqmasdan va ularni yangicha, aqlli yo’nalishlarga yo’naltirmasdan tura olmaydi.
ENTP shaxslar g’oyalarni o’ylab topish va katta fikrlashni yaxshi ko’rsalar-da, ular o’z g’oyalarini amalga oshirishda “og’ir ishlar”ni bajarishdan qochishga moyil bo’ladilar va ba’zan o’z maqsadlariga sodiq qolishda qiynaladilar. Ma’lum ma’noda, bu tushunarli – ularda barcha fikr va takliflarni kuzatib borish, ayniqsa ularni amalga oshirish uchun juda ko’p g’oyalar bor. Ammo ENTP shaxslar o’z ustuvorliklarini aniqlash va amalga oshirish istagini rivojlantirmaguncha, ular o’zlarining to’liq salohiyatlarini ro’yobga chiqarishda qiynalishlari mumkin.
Qarshilikning qiymati
ENTPlarning munozara qobiliyati afsonaviy, lekin bu har doim ham foydali degani emas. Ular ochiqchasiga yig’ilishda boshliqlarini savolga tutganlarida yoki turmush o’rtoqlarining har bir so’zini tahlil qilganlarida, bu o’tkir shaxslar o’zlarini mantiq va ratsionallik himoyachilari deb o’ylashlari mumkin. Ammo shu bilan birga ular o’zlarining muvaffaqiyat va baxt-saodat imkoniyatlariga ko’proq zarar yetkazayotgan bo’lishlari mumkin.
Bu shaxs turining har doim qarshi chiqish odati har qanday vaziyatga ham mos kelavermaydi, va ko’pchilik odamlar o’z e’tiqodlari shubha ostiga olinishiga va his-tuyg’ulari e’tiborga olinmasligiga uzoq vaqt bardosh bera olmaydi. Natijada, ENTPlar o’zlarining bahslashish zavqi ko’p ko’priklarni yoqib yuborishini, ko’pincha bexosdan, anglab yetadilar. Bu shaxslar o’zlarining dunyoqarashi, ishonchi, bilimi va o’tkir hazil tuyg’usi uchun hurmat qolinadi – lekin agar ular ozgina sezgirlikni rivojlantirmasa, chuqur munosabatlarni saqlab qolish yoki hatto kasbiy maqsadlariga erishishda qiynalishlari mumkin.
Vaqt o’tishi bilan ko’plab ENTP shaxslar ularning ideal hayoti boshqa odamlarni ham o’z ichiga olishini va bahslarda “g’alaba qozonish”ga haddan tashqari ko’p kuch sarflash, oxir-oqibat hayotda o’zlari istagan joyga yetib borish uchun zarur bo’lgan qo’llab-quvvatlashdan mahrum qilishini tushunib yetadilar. Yaxshi yangilik shundaki, bu shaxs turidagi odamlar hech qachon o’zlarining keskin nokonformistik xususiyatlarini yo’qotmaydilar. Ular shunchaki o’zlarining kognitiv moslashuvchanligidan foydalanib, boshqalarning nuqtai nazarini tushunish va o’rganish, mantiq va taraqqiyot bilan bir qatorda mulohaza va murosa qilishning qadrini anglash imkoniyatiga ega.